Меню
Русский Ўзбекча O'zbekcha English

Yangi saylovlar va eski kamchiliklar. Shaffoflikka erishish uchun nimalar qilish kerak?



Bu yilgi parlament saylovlari qariyb o‘tib bo‘ldi. Bir necha kundan so‘ng yana 25ta okrugda saylovlarning ikkinchi turi o‘tkaziladi va yangi parlament shakllantiriladi.
Shaxsan men, o‘zim qatnashgan Samarqand shahrida saylovlar avvalgi yillarga qaraganda birmuncha halol o‘tdi, deb hisoblayman. Bunga sabab — shahardagi ikki okrugda ham g‘olibni aniqlash ikkinchi turga qoldi. Saylov uchastkalaridan birida o‘zim kuzatgan sanoq jarayonida ham nomzodlar qariyb teng ovoz olishganiga guvoh bo‘ldim.
Albatta, bunda shaharga ko‘p sonli xorijiy kuzatuvchilar tashrif buyurgani, saylovlar mahalliy nashrlar va blogerlarning diqqat markazida turgani ham rol o‘ynadi.
Biroq hech kim chekka tumanlarda ham shunday bo‘ldi, deb ayta olmasa kerak. Keling, qishloq tumanlaridagi eng ko‘p e'tirozlar qay jihatga bo‘lganiga e'tibor qarataylik. Saylovlarning eng katta kamchiligi nimada bo‘ldi?
1. Toshkentda tug‘ilib o‘sgan, avvalgi chaqiruvda deputat bo‘lib saylangan ayrim nomzodlar tumanlarda birinchi turdayoq g‘olib bo‘lgani katta e'tirozlarga sabab bo‘ldi. Chunki, odamlar o‘sha g‘olib nomzodlar tumanga borib aholi bilan biror marta ham uchrashmaganini yozishmoqda.
2. Yoki o‘sha tumanga aloqasi bo‘lmagan nomzodning o‘sha tumandagi 4 nomzoddan yaqqol ustun kelishini ham izohlab bo‘lmaydi. Bunga Chiroqchi, Beshariq, Toyloq yoki Oqdaryoda kuzatilgan holatlarni misol qilish mumkin.
Bu hol — mahalliy hokimliklarning saylovga ma'muriy-buyruqbozlik usuli bilan aralashgani haqidagi gumonlarni dastaklaydi. Eng qizig‘i, hokimlar muayyan partiyaga yon bosishayotgani yo‘q — o‘zlari qo‘llayotgan nomzodning qaysi partiyaga mansubligi ularga muhim emas.
3. Yana bir (eng katta!) muammo uchastka saylov komissiyasida ishlaganlar tomonidan ma'lum qilindi. Ularga bayonnomalarga haqiqiy holatni yozish taqiqlangan. Bayonnomalarni to‘ldirish uchun okrug saylov komissiyasiga taklif etilgani va unda rahbarlar istagan raqamlar yozilgani haqida ham xabarlar tarqaldi. Bunday holatlar ayrim joylarda o‘z isbotini topdi.
Shuningdek, joylarda kuzatuvchilarga saylov jarayoni va sanoq jarayonini videos'yomka qilishga monelik ko‘rsatish hollari ko‘plab uchragani ham taassufli. Bunday ishlarga faqatgina demokratiyaning dushmani bo‘lgan insonlar qodir bo‘lishadi.
Saylovda eng katta muammo saylovchilarni saylovga jalb qilish ekani namoyon bo‘ldi. Avvalgi saylovlarda 90-95 foizlik davomatlarga guvoh bo‘lardik. Bu safa davomat 71 foiz atrofida (O‘zbekiston ichida) bo‘lgani e'lon qilindi.
Uzoq tumanlardagi ayrim saylov uchastkalarida chindan ham shu raqam qayd etilgandir, lekin 71 foiz ham haqiqatdan yiroq raqam. O‘zim sanog‘ida ishtirok etgan Samarqanddagi 123-saylov uchastkasida davomat 36,6 foiz bo‘lganiga guvoh bo‘ldim.
Albatta, bir kishiga hujjat bilan bir dona byulleten berilganda ana shunday haqqoniy raqam hosil bo‘ladi. 71 foizlik natijaga erishish uchun bir kishi oilasi, qo‘ni-qo‘shnilari uchun ham ovoz berishi kerak bo‘ladi yoki dalolatnomalarga raqamlar «osmondan» olinib, to‘ldirib qo‘yiladi.
Tan olish kerak, bu yilgi saylovlarda ayrim jihatlarda ijobiy tomonga o‘zgarish bor. Biroq, saylovlar chinakamiga demokratik o‘tishi uchun hali ko‘p ish qilish kerak.
Garchi joylardagi rahbarlarga mutlaqo yoqmasa-da, bu boradagi ayrim takliflarim bilan o‘rtoqlashishni lozim deb topdim.
Birinchi navbatda 33 foizlik «davomat ostonasi»dan (porog yavki) voz kechish kerak. Odamlarning saylovda qatnashmaslik huquqi ham bor. Saylovdagi davomat uchun o‘sha tuman rahbarlarini tergashni esa bas qilmoq kerak. Chunki joylarda kreslosidan ajralib qolishdan hadiksiraydigan hokimlar «yavka»dagi son ketidan quvib, saylovlarni yoppasiga qalbakilashtirish uchun zamin yaratishmoqda.
Saylov jarayonlarida ro‘yxatga olish, sanoq va dalolatnomalarni to‘ldirishni allaqachon onlaynlashtirish kerak.
Barcha saylov uchastkalari kompyuter yoki noutbuk bilan ta'minlangan bo‘lishi, har bir saylov uchastkasi uchun shaxsiy kabinet ochilib, shaxsiy kabinetga kirish uchun login/parolni faqatgina uchastka saylov komissiya raisi bilishi kerak.
Shu yo‘sinda saylovchilarning qayddan o‘tishi elektron tarzda amalga oshirilishi kerak. Shunchaki pasport raqami kiritilsa — bas. Saylovchi ovoz berish uchun byulleten oladi. So‘ngra shu kuni u qayta ovoz bera olmaydi.
Bunday dasturni yaratish dasturchilarimiz uchun pista chaqishdek gap — uzog‘i bir kun vaqt olsa kerak.
Shunday dastur saylovda qatnashayotgan saylovchilar sonini onlayn kuzatib turish imkonini beradi (Internet bormagan uzoq qishloqlar? Keyingi besh yil ichida buni ham to‘g‘rilasa bo‘ladi).
Saylovda «karusel» usulidan (bir kishi yoki guruh bir necha saylov uchastkasida yoki o‘sha saylov uchastkasida qayta-qayta ovoz berishi) foydalanib ovoz berishga qarshi kurashish uchun, saylovchilar ro‘yxatida qayd etilmagan, saylovga taklifnoma olmagan saylovchilar MSKning yagona bazasida ro‘yxatdan o‘tkazilishi kerak. Toki, u ikkinchi saylov uchastkasiga borib ovoz bera olmasin.
Soat 20:00da saylov tugagach, ishlatilmagan byulletenlar sanoq xonasiga olib kirilmasidan avval qirqilib yoki siyohga botirilib, yaroqsiz holatga keltirilishi shart. Bu jarayonlar albatta s'yomka qilinib rasmiylashtirilishi kerak. Surishtiruv zaruriyati yuzaga kelganida, «mana» deb ko‘rsatilishi uchun.
Nomzodlarning kuzatuvchilariga, OAV vakillariga hamda blogerlarga saylov va sanoq jarayonini to‘liq s'yomka qilishga ruxsat berish kerak. Umuman, kuzatuvchilar, OAV vakillari va blogerlarga beriladigan guvohnomalarda katta qilib SAYLOV VA SANOQ JARAYoNINI VIDeOS'YoMKA QILIShGA HAQLI, deb yozib qo‘yish kerak.
Saylov uchastkalaridagi byulleten solinadigan quti, sanoq xonasi — barchasi kamera bilan ta'minlanishi kerak (Onlayn ishlamasayam mayli, faqat chiroq o‘chganda ham akkumulyator orqali to‘liq yozib borishi kerak).
Byulletenlarni sanash jarayoni kuzatuvchilar, OAV vakillari hamda blogerlar ishtirokida o‘tkazilgach, bayonnomalar o‘sha guvohlar ko‘z o‘ngida saylov uchastkasida turib elektron tarzda o‘sha shaxsiy kabinet orqali to‘ldirilishi lozim. Yuqorida aytilganidek, okrug saylov komissiyalari do‘q urib uchastka saylov komissiyasi raisidan login/parolni olgan taqdirda ham bunga «dostupi» bo‘lmasligi kerak. Ular faqat ma'lumot qabul qilish bilan cheklanishi lozim.
Muayyan saylov uchastkasi uchun ajratilgan shaxsiy kabinetda nomzodlarning nomi va partiyasi avvaldan kiritib qo‘yilgan bo‘ladi va ularning ismi-familiyasi ro‘parasiga sanoqdagi raqamlar kiritilsa bas. Foizini chiqarish va umumlashtirishni kompyuterning o‘zi bajaraveradi. Eng qizig‘i, bu ish bir daqiqa vaqtni oladi, xolos. Ertalabgacha MSK barcha saylov uchastkalari bo‘yicha aniq ma'lumotga ham ega bo‘ladi.
Yana bir taklif: Keyingi saylovgacha saylov kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartirish kiritib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hozirgi majoritar tarzda saylanayotgan 150 nafar deputatlik o‘rniga qo‘shimcha proporsional tarzda yana 150ta o‘rin ajratish kerak. Siyosiy partiyalar uchun. Axir hozirgi ko‘rinishdagi saylovlarda partiyalarning ahamiyati qolmayapti.
Xalq deputatlari viloyat va shahar/tuman kengashlariga saylovlar majoritar tarzda o‘tkazilmasligi kerak. Bu saylovlarga qiziqish kam — budjet uchun ortiqcha xarajat. Boz ustiga, hozirgi sharoitda aynan mahalliy saylovlarda ko‘proq adolatsizliklarga yo‘l qo‘yilgani aytilmoqda.
Xalq deputatlari viloyat va shahar/tuman kengashlariga saylovlarni parlament saylovlari chog‘idagi proporsional saylov bilan birlashtirish kerak.
Ya'ni, barcha partiyalar Oliy Majlis, viloyat, shahar/tuman kengashlariga o‘z deputatlari ro‘yxatini avvaldan e'lon qiladi. Partiyaning saylovlarda egallagan foizlariga qarab (yuqorida aytilganidek, hammasi onlayn, hisobini chiqarish oson), parlamentga va mahalliy kengashlarga deputatlar tayinlanadi. Bunda avvaldan e'lon qilingan tartib raqamiga qat'iy amal qilinadi. Aytaylik, O‘zLiDeP 37ta deputat o‘rniga ega bo‘lsa — ro‘yxatning 1–37-o‘rinidagi siyosatchilar parlamentga kiradi.
Partiyalarning tuman va shaharlardagi ko‘rsatkichi — shahar kengashini, viloyatdagi ko‘rsatkichi — viloyat kengashini, respublikadagi ko‘rsatkichi — Oliy Majlisni shakllantirish uchun yetarli bo‘ladi.
Siyosiy partiyalar uchun alohida ovoz berilsa — partiyalarning jamiyatdagi roli oshadi. Partiyalar ham elektorat mehrini qozonish uchun 5 yilda bir marta emas, doim tinimsiz mehnat qilishga majbur bo‘lishadi.
Hozirgi holatda xorijdagi vatandoshlarimiz Oliy Majlis uchun Toshkent shahridagi nomzodlarga ovoz berishida ham biror mantiq yo‘q. Proporsional saylov tashkil etilsa ular faqat partiyalar uchun ovoz bergan bo‘lishardi.
Hozir siyosiy partiyalar safidagi ko‘pchilik siyosatchilar Toshkentda yashashadi, ular uzoq tumanlarga o‘z nomzodini qo‘yib, go‘yoki saylovda «yutib», saylanishmoqda. Aslida bunday emasligini hamma ko‘rib turibdi, buni ularning o‘zi ham biladi. Ular partiyalar uchun, qonunshunoslik uchun foydali shaxslardir balkim, bunisiga e'tiroz yo‘q. Lekin tumanlarda ularni hech kim tanimasligi rost. Fuqarolar avvalo o‘zlarining hududidan chiqqan nomzodga ovoz berishadi.
Mana shunday tushunmovchiliklarga barham berish uchun, saylovni yanada demokratik ruhda tashkillashtirish maqsadida tashabbuskorlar guruhi tomonidan ilgari suriladigan, biror partiyaga mansub bo‘lmagan mustaqil nomzodlarga va yangi siyosiy partiyalarga ham saylovda ishtirok uchun ruxsat berilsa juda yaxshi bo‘lar edi.
O‘zbekiston jahon hamjamiyatida o‘z obro‘siga ega bo‘lgan demokratik jamiyat qurmoqchi ekan, demokratiyaning eng yaxshi andozalaridan nusxa olaverish kerak. Bundan hamma yutadi! Albatta, mahalliy hokimlardan boshqa…
Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech