Меню
Русский Ўзбекча O'zbekcha English

#tabrik ZARAFSHON SHAHAR HOKIMI NAZIRBEK RAHMANOVNING SHAHAR AHLIGA YANGI YIL TABRIGI


                                          

Aziz do‘stlar!

Shu kunlarda barchamiz hayotimizda o‘chmas iz qoldirgan 2024-yil bilan xayrlashib, ezgu qadamlar bilan kirib kelayotgan 2025-yilni ko‘tarinki kayfiyat va shod-u xurramlik bilan qarshi olmoqdamiz.

Fursatdan foydalanib, Siz azizlarni va Sizlar orqali butun shahrimiz ahlini qutlug‘ ayyom – Yangi yil bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman. 

 Darhaqiqat, bugun biz o‘z yakuniga yetayotgan 2024-yilni quvonch bilan kuzatar ekanmiz, ushbu yil barchamiz uchun nihoyatda sermahsul kelgani, uning zamirida barcha soha vakillarining fidokorona mehnati mujassamligini mamnuniyat bilan e’tirof etmoqchiman.

  Chunki ulkan yutuqlarga boy bo‘lgan ushbu yilda har bir soha bo‘yicha ulkan natijalarga erishilib, yaratuvchanlik, bunyodkorlik, aholi hayot darajasini yaxshilash va yurt farovonligi yo‘lida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, barcha dasturlar doirasida 1786 nafar fuqarolarga 45 mlrd.so’mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Kichik sanoat hamda Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarida 80 ta loyihalarda jadal qurilish ishlari olib borilib, 20 ga yaqin loyihalar ishga tushirildi.

Ilk bor oqava suvlarining bir qismi qayta ishlanib, sug’orish tizimiga yo’naltirilishi natijasida 1,0 mlrd.so’mgacha budjet mablag’lari iqtisod qilinmoqda.

“Gʻijduvon tajribasi” asosida 22 ta loyihalar ishga tushirilishi natijasida 194 ta, “Zarbdor tajribasi” asosida 42 ta loyihalar ishga tushirilishi natijasida 815 ta, “Sayxunobod tajribasi” asosida jami 544 ta mikroloyihalarga 22,5 mlrd.so’m kreditlar ajratilib, 1183 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, “Uychi tajribasi” asosida tijorat banklari tomonidan 28 marotaba tadbirkorlar bilan ushrashuvlar o’tkazildi. Bu orqali 4111 ta ish o’rinlari tashkil etildi.

Yoshlarning muammolarini tizimli hal etish, ularni ijtimoiy qo’llab-quvvatlash maqsadida “Yoshlar daftari” jamg’armasi mablag’lari hisobidan 310 nafar yoshlarga 1 mlrd. 238 mln. so’mlik turli yordamlar ko’rsatildi.

Biz bugungi qutlug‘ bayram arafasida bosib o‘tilgan yo‘lga, amalga oshirilgan ishlarga nazar tashlar ekanmiz, ko‘nglimizda, albatta faxr va iftixor tuyg‘ulari uyg‘onishi muqarrar. Zero, qo‘lga kiritilgan muvaffaqiyatlarni ma’lum ma’noda shahrimiz misolida ham yaqqol ko‘rishimiz mumkin. Shahrimizdagi ta’lim muassasalari zamonaviy qiyofa kasb etayotganligi, aholiga tibbiy xizmatni yaxshilash maqsadida tibbiy muassasalarimizga zamonaviy texnologiyalar kirib kelayotganligi, ana shu moʻjaz shahrimizning o‘zida mingdan ziyod tadbirkorlik subyektlarining faoliyat ko‘rsatayotganligi, yangidan yangi investitsion loyihalar amalga oshirilayotganligi, zamonaviy uy-joylar qurilayotganligi ham - xalqimiz salomatligini ta’minlash va kelajak avlod vakillarining mukammal ta’lim olishiga mustahkam zamin yaratadi, albatta.

Shuningdek, kuni kecha Fan olimpiadasining  viloyat bosqichida 18 nafar o‘quvchi faxrli o‘rinlarni egallab, shahrimiz nufuzini, ta’lim  tizimida amalga oshirilayotgan maqsadli ishlarimizni mavqeini belgilab berdi.

Uzoq yillardan buyon aholini qiynab kelayotgan yana bir muammo, aholiga ichimlik suvi masalasi hal etilmoqda. Bu borada Muruntov mahallasida magistral ichimlik suvi quvuri 1308 metr uzunlikdagi po‘lat quvurga almashtirildi. “Yangi Zarafshon” mahallasida 35 km uzunlikda ichimlik suvi tarmoqlarini o‘rnatish, tortish va ta’mirlash ishlari, 7,5 km ichki yo‘llar asfaltlashtirish ishlari olib borildi.

13-, 14- , va 19- kichik tumanlarida qurilayotgan 227 ta ko‘p qavatli uylarning muhandislik kommunikatsiya ishlari bilan ta’minlash jarayonlari jadal olib borilmoqda. Buning evaziga shahrimiz butunlay yangicha qiyofa kasb etib bormoqda.

Zarafshon shahrini nogironlar bemalol yashaydigan, harakatlana oladigan va ishlaydigan shaharga aylantirish maqsadida ham ko‘plab xayrli tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Shaharda nogironlar yo‘lakchalari, “Umid” nogironlar bog‘i, I, II guruh nogironlari hamda aholining ijtimoiy ko'makka muhtoj qatlami uchun 5 ta bepul jamoat transportlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo'lib, ushbu yilda bunday jamoat transportlari soni yana 2 taga ko'paygani holda umumiy 7 tani tashkil etgani ham shahrimiz aholisi uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo'ldi deyishimiz mumkin.

Joriy yilda 38 nafar nogironligi mavjud shaxslar sog‘lomlashtirilib,sog‘lom hayotga qaytarildi. 42 nafar shaxslar protez ortapediya mahsulotlari, 124 nafar shaxslar reabilitatsiya texnik vositalari bilan ta’minlandi, yuzga yaqin hamshaharlarimiz Toshkent va Navoiy Reabilitatsiya markazlariga davolanishga yuborildi. 

So‘nggi yillarda shahrimizda tibbiyot sohasida ham ulkan yutuqlarga erishildi. Tibbiyot birlashmasi negizida 50 o‘rinli Tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir yurak qon-tomir kasalliklari markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilganligi ham tibbiyot sohasida muhim qadam bo‘ldi. Boisi, zamonaviy qulayliklarga ega markazning ishga tushirilishi shahrimizda sun’iy bo‘g‘im qo‘yish, yurakni stendlash bo‘yicha yuqori texnologiyalar asosida murakkab jarrohlik amaliyotlari olib borish, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish imkoniyatini berdi. 

Joriy yilda birlashmaga qarashli O‘tkir yuqumli kasalliklar ham Tug‘ruq bo‘limlari jami 2 mlrd 720 million mablag‘ evaziga qayta rekonstruksiya qilindi. Shuningdek, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish hamda bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida viloyat tumanlararo ftiziatriya bo‘limida bir milliard uch yuz oltmish million so‘m “Open byudjet” mablag‘lari evaziga qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi.

Yana bir quvonarli holat, hamshaharlarimizga zamonaviy hamda sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun Zarafshon shahar Tibbiyot birlashmasi tarkibida 250 qatnovga mo‘ljallangan 4 qavatli Markaziy poliklinika binosini qurish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, 2023-2024 o‘quv yilining o‘zida 1 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti, 1ta davlat xususiy sherikchilik asosida, 10 ta Oilaviy maktabgacha ta’lim tashkiloti yangidan barpo etilgan bo‘lsa, 5,2 mlrd. so‘m mablag‘lari evaziga 5 ta maktabda joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. 

Shahrimizda 20 yillik davr mobaynida 13,6 mlrd. so‘m mablag‘lari evaziga 990 o‘rinli yangi zamonaviy 14-sonli maktab qurilib, yangi yil arafasida foydalanishga topshirilishi ham hayotimizni farovonlashtirishga, kelajak avlod vakillarining mukammal ta’lim olishiga xizmat qiladi.

Aziz do‘stlar!

Fursatdan foydalanib, yana bir bor barchangizni kirib kelayotgan Yangi-2025 yil bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.

Sizlarga mustahkam sog‘lik-salomatlik, oilaviy baxtu saodat, Vatanimiz ravnaqi yo‘lidagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman. 

Yangi yilda xonadoningizdan cheksiz quvonch, fayzu-baraka, tinchlik-osoyishtalik arimasin!

Buyuk va muqaddas Vatan - jonajon O‘zbekistonimiz osmoni hamisha musaffo bo‘lsin!

Yangi yilingiz muborak bo‘lsin!

Hurmat bilan Zarafshon shahar hokimi, Nazirbek Rahmanov 
Белгиланган матнни тинглаш учун қуйидаги тугмани босинг Powered by GSpeech