Assalomu alaykum, qadrli do‘stlar!
Ushbu qutlug‘ kunlarda, barchamiz tinch va osoyishta yurtimizning yana bir qadimiy shodiyonasi — Navro‘z umumxalq bayramini ko‘tarinki kayfiyat, shodu xurramlik, kelajagimizga bo‘lgan yuksak ishonch bilan kutib olmoqdamiz.
Fursatdan foydalanib, Sizlarni yangilanish va yasharish ayyomi, mehr-oqibat va ezgulik, yaratuvchanlik va go‘zallik ramzi, milliy qadriyatlarimiz timsoli, sharqona yangi yilimiz bo‘lgan Navro‘zi olam bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash lozimki, bu yilgi Navro‘z bayramining tashrifi muborak juma kuniga to‘g‘ri kelishi, joriy yilda bayramni munosib nishonlashga oid davlatimiz rahbari tomonidan maxsus qaror qabul qilinishi, hududlarda bu bayram keng nishonlanayotgani, ko‘klamning barakali kelayotganligi qalbimizga olam-olam quvonch bag‘ishlaydi.
Hurmatli Prezidentimizning Navro’z - chinakam xalq bayrami, milliy o’zligimiz ko’zgusi,ma’naviy va madaniy hayotimizning ajralmas qismidir, degan so’zlari ayni haqiqatdir.
Shahrimiz misolida aytadigan bo‘lsak, kuni kecha Navro‘z ayyomi arafasida 990 o‘rinli yangi zamonaviy 14-sonli maktabning, shuningdek 16-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti yangilangan binosining foydalanishga topshirilishi ham fikrimizning yaqqol isbotidir. Albatta, bu yangilanishlar hayotimizni farovonlashtirishga, kelajak avlod vakillarining mukammal ta’lim olishiga xizmat qiladi.
Haqiqatan, obod maskanlarga har qancha bayramlar, to‘ylar yarashadi. Shu nuqtai nazardan shahrimizda ham Navro‘z ayyomini qizg‘in va munosib kutib olish bo‘yicha keng ko‘lamli tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, har bir mahallalarda, guzarlarda, ko‘cha va xiyobonlarda olib borilgan ommaviy hasharlar, gul-ko‘chat o‘tqazish, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari natijasida barcha aholi manzillari obod maskanlarga aylandi.
Bizning Qizilqum sahrosi hududlarida joylashgan moʻjaz shahrimiz Zarafshonda yangi turar-joy binolari, sog‘liqni saqlash, sport inshootlari barpo etish, yoshlarimizning har tomonlama kamol topishi uchun yanada ko‘proq qulayliklarni yaratish uchun keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan shanba va yakshanba kunlari Navro‘z bayrami oldidan uyushtirilgan umumxalq xayriya hashari bu ishlarimiz debochasi bo‘ldi, desak yanglishmaymiz. Ana shu kuni Markaziy kon boshqarmasi, Zarafshon qurilish boshqarmasi, shahrimizdagi boshqa korxona, tashkilot, muassasalarning minglab ishchi-xizmatchilari, keksayu yosh mehnat qilishdi, shahrimizni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirishga, uning yanada chiroy ochishiga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli binolar, bolalar maydonchalari, xiyobonlar tartibga keltirildi. Mevali va manzarali daraxtlar o‘tqazildi. Bu tadbirlarda shahrimizda istiqomat qiluvchi o‘nlab millat vakillari ishtirok etdilar. Zero, ularning har biri shahrimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelishmoqda. Qolaversa, bular zarafshonliklarning hamjihatligidan, bag‘rikengligi, sahovatpeshaligidan yaqqol dalolat hamdir.
Qadrli vatandoshlar!
Barchamizga ma’lum, dunyoda bir-biridan buyuk, bir-biridan ajoyib bayramlar ko‘p. Lekin ular orasida Navro‘z ayyomi o‘zining qadimiyligi, tabiatimizga uyg‘unligi va go‘zalligi bilan, ma’no-mazmunining teranligi bilan boshqalardan ajralib turadi.
Navro‘z bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Millati, dinidan qat’iy nazar, shu yurtda yashayotgan barcha millat va elatlar uchun birdek sevimli ayyom. Keksayu yosh uchun birdek aziz shodiyona! Bu bayram oddiy bayram emas, balki xalqimizning tarixi, qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan milliy bayramdir. Zero, Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek,
Har tuning qadr o‘lubon,
Har kuning bo‘lsin Navro‘z.
Navro‘z shodiyonalari arafasida yaqin qarindoshlar, kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish kabi savobli ishlarni xalqimiz tomonidan amalga oshirilayotgani Navro‘zning tom ma’noda insonlar ongu shuurida mehr-oqibat, insoniylik va vatanga sadoqat kabi yuksak tuyg‘ularni shakllantirishga katta hissa qo‘shayotganini alohida e’tirof etish joiz.
Xalqimiz navro‘zi ayyom shodiyonalari arafasida shahrimizning barcha mahallalarida sumalak va
halim, ko‘ksomsa kabi bahoriy taomlar tortilgan dasturxonlar atrofida o‘z oilasi, yaqinlari, do‘stu birodarlari bilan baham ko‘rishga intiladi.
Bugun yurtimizda, qolaversa shahrimizda "Daraxt ekib, bog‘ yaratamiz, yurtimizni yanada obod qilamiz", degan ezgu maqsadda millionlab ko‘chatlar ekilmoqda. Mana shu xosiyatli kunda barchamiz yilimiz qutlug‘ kelsin, dehqonlarimizning baxtini, omadini bersin, hosilimiz mo‘l bo‘lsin, deb niyat qilamiz.
Aziz vatandoshlar!
Barcha-barchangizga ushbu bayram muborak bo‘lsin Navro‘z har bir oila, har bir xonadonga, butun yurtimizga tinchlik-omonlik, baxtu saodat, fayzu baraka olib kelsin!
Barchamizning ezgu orzu-niyatlarimiz ushalsin, yurtimiz yanada obod va farovon bo‘lsin!
Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan, Zarafshon Shahar hokimi,
Nazirbek Rahmanov