ZARAFSHON SHAHAR HOKIMI NAZIRBEK RAHMANOVNING SHAHAR AHOLISIGA RAMAZON HAYITI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI
Assalomu alaykum, aziz hamshaharlar!
Avvalo, shahrimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarni, butun xalqimizni muborak Ramazon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Ramazon hayitining ma’naviy hayotimizda olijanob fazilatlarni, bag‘rikenglik, muruvvat, do‘stlik va hamjihatlik kabi ezgu qadriyatlarni mustahkamlash borasidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Dunyodagi millionlab musulmonlar qatori shahrimiz mo‘min-musulmonlari ham ushbu bayramni o‘zgacha quvonch, alohida shodlik va ko'tarinki ruh bilan o‘z xonadonlarida nishonlashida katta bir ramziy ma’no bor. Chunki ushbu kun Allohning rahmati va fazli yer yuziga mo‘l-ko‘l yog‘iladigan, har bir mo‘min musulmon qalbida Yaratgan zotga ezgu istaklar ilinjida qo‘llarni duoga ochib, shukr va hamd keltiradigan vaqtidir.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz rahbari tashabbuslari bilan din-u e’tiqodimizga yangitdan hayot baxsh etildi. Muqaddas dinimiz, qadimiy urf-u odatlarimiz, ulug‘ allomalarimizning bebaho merosini asrab-avaylash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Xalqimizning muqaddas Haj va Umra ziyoratlarini ado etishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi.
Birgina Zarafshon shahri misolida oladigan bo‘lsak, joriy yilning birinchi yarim yilligi davomida jami 34 nafar zarafshonlik Umra ziyoratini ado etishdi. O‘tgan 2024-yilda 49 nafar hamshahrimiz Haj safariga yuborilgan bo‘lsa, joriy yilda 32 nafar ziyoratchilarimiz ushbu muqaddas ziyoratga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Shahrimizdagi mo‘min-musulmonlar uchun ilgarigi 500 o‘rinli masjid o‘rniga 5 ming o‘rinli jome masjidi qurilayotgani ham hamshaharlarimiz uchun din-u e’tiqodlarini mustahkamlash, ibodatlarini ado etishlarida yuksak qadam bo‘ldi. Ayni paytda masjidda qurilish ishlari qizg‘in, quvonarlisi, zarafshonliklarning hech biri masjidning qad rostlashi, obodonlashtirilishi kabi ezgu ishlardan chetda turgani yo‘q.Aziz do‘stlar!Barchangizni yana bir bor Ramazon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman.
Mana shunday fazilatli damlarda el-u yurtimiz haqiga qilgan ezgu niyat va tilaklarimiz ijobat bo‘lsin!
Xonadonlarimizdan fayz-u baraka tinchlik va osoyishtalik arimasin!
Hurmat bilan Nazirbek Rahmanov,
Zarafshon shahar hokimi