DataLife Engine / Zarafshon shahar hokimi Nazirbek Rahmanovning 2023-2024 - yangi o‘quv yilining boshlanishi hamda "Bilimlar kuni" munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

Zarafshon shahar hokimi Nazirbek Rahmanovning 2023-2024 - yangi o‘quv yilining boshlanishi hamda "Bilimlar kuni" munosabati bilan yo‘llagan tabrigi

Muhtaram ustozlar!

Aziz o‘quvchilar! 

     Barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 32 yilligi hamda yangi o‘quv yilining boshlanishi - "Bilimlar kuni" munosabati bilan  samimiy muborakbod etaman. 

    Ayni vaqtda mamlakatimiz bo'ylab, xususan, shahrimizdagi barcha maktablarda yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan "bilimlar kuni" o'qituvchilar, o'quvchilar va ularning ota-onalari tomonidan ko‘tarinki ruh va yuqori kayfiyatda kutib olinmoqda. Joriy o‘quv yilida shahrimizdagi maktablarda  2127 nafar bolajonlar 1-sinflarga qabul qilinib, ularga Prezident sovg‘alari topshirilmoqda. Ushbu hayajonli damlar ilk marotaba maktabga qabul qilingan o‘quvchilar hayotida unutilmas damlar bo‘lib, kelgusi hayot yo‘liida, bilim olib, yetuk shaxs bo‘lib yetishlarida o‘z o‘rniga egadir.

2023-yil "Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili"  da shahrimizda ta'lim sohasini rivojlantirish, maktablarning moddiy-texnika bazasini yaxshilash, o‘quvchi-yoshlarga zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha ko‘plab muhim ishlar, loyihalar amalga oshirildi va bugungi kunda ham ushbu ishlar izchil davom ettirilmoqda. Xususan, joriy yil shahrimizdagi 4-, 10-, 11- hamda 12- maktablarni  ta'mirlash ishlari uchun mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 1 mlrd. 50 mln so‘m mablag‘ ajratildi. "Tashabbusli byudjet" mablag‘lari hisobidan 12-sonli maktabga 600 mln so‘m isitish tizimini ta'mirlash va 1-sonli maktabga 500 mln. so‘m su'niy qoplamali futbol maydoni uchun ajratildi. Yangi o‘quv yilida zamonaviy shart-sharoitlar va o‘qitish tizimiga asoslangan 504 o‘rinli Prezident maktabi huzuridagi ixtisoslashtirilgan maktab binosi ilmga chanqoq o‘quvchilarimizni o‘z bag‘riga oladi. 

Shuningdek, Mustaqilligimiz 32 yilligiga tuhfa sifatida bugungi shodiyonali tadbirimiz o‘tkazilayotgan 9-umumiy o‘rta ta'lim maktab oshxonasining yangidan barpo etilgan binosini tantanali tarzda ochilish marosimida ishtirok etib turibmiz.   

 Hamkor tashkilotlar mablag‘lari va ishtirokida amalga oshirilgan ushbu maktab oshxonasi qurilish loyihasi natijasida oshxona binosi kapital rekonstruksiya qilinib, yangicha va zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Ushbu oshxona 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda maktab o‘quvchilarining sifatli va belgilangan talablarga muvofiq ovqatlanishi uchun barcha shart sharoitlar yaratilgan. Albatta, bu ham, o‘z navbatida, o‘quvchilarning bilim olishlarida yaratilayotgan qulay imkoniyatlardan biridir. Shu o‘rinda viloyatimiz deputati Mustaqimov Otabek Mannaboyevichga va ushbu maktab oshxonasi qurilishida ishtirok etgan quruvchi-ishchilariga o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildiraman. 

Qadrli tadbir ishtirokchilari! 

Berilayotgan e'tibor va yaratilayotgan shart-sharoit, imkoniyatlardan unumli foydalanilgan holda shahrimizda ta'lim sohasida yuqori natijalarga erishilmoqda. 

 2022-2023-yilda 807 nafar bitiruvchidan 388 nafar bitiruvchi oliy ta'lim muassasalariga kirish imtihonlarida yuqori natijalarni qayd etib, o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa, 312 nafari xorijiy va O‘zbekistondagi xususiy oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Shuningdek, o‘quv yili davomida bitiruvchi yoshlardan 135 nafari ingliz tilidan IELTS sertifikatlariga ega bo‘lishdi. 

Aziz o‘quvchilar!

Fursatdan foydalanib, yana bir bor Sizlarni yangi o‘quv yilining boshlanishi bilan chin dildan qutlab, Prezidentimiz, hukumatimiz, ustozlaringiz hamda ota-onalaringiz ishonchlarini oqlab, kelajakda yaxshi bilim ko‘nikmalarini egallash orqali mustaqil ona Vatanimizning munosib farzandlari bo‘lib yetishishlaringizni tilab qolaman. 

E'tiborlaringiz uchun rahmat!


4-09-2023, 16:24
Вернуться назад