Bugun, shahar hokimi Nazirbek Rahmanov, shahar hokimi o‘rinbosarlari, viloyat "Nuroniy" jamg‘armasi raisi Shabon Nabiyev, shahar "Nuroniy" jamg'armasi raisi H.Ernafasov, IIB, nuroniylar hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida "Konchilar" mahallasi hududida "Nuroniylar maskani" binosining qurilishiga start berildi.
Tadbir avvalida shahar hokimi Zarafshon shahridagi nuroniylar va faxriylar uchun zamonaviy va qulay yangi maskanning yaratilayotgani davlatimiz rahbari tomonidan aholining keksa avlod vakillariga yuksak ehtiromining namunasi ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Shu bilan birga, yangi maskanning qurilayotganligi Zarafshon shahrining 60 yilligiga munosib tuhfa bo‘lishini, ushbu maskan ramziy ma’noda "ma’naviyat va ma’rifat maskani" ekanligini hamda ushbu loyihani qo‘lga kiritish jarayonlarida qo‘llab-quvvatlagan barchaga minnatdorchilik bildirdi.
Jarayonda tadbir ishtirokchilari duoga qo‘l ochib, yangi qurilayotgan bino xalqimizga uzoq yillar xizmat qiladigan inshoot bo‘lishini tilashdi.
Shuningdek, viloyat "Nuroniy" jamg‘armasi raisi Shabon Nabiyev yangi majmuaning qurilishi uch asosiy yo‘nalish - nuroniylarni dam olishi va faolligini oshirishga, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishga, mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni barqarorligini ta’minlashga xizmat qilishini aytib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida, shu davrga qadar Zarafshon shahrida mavjud Nuroniylar maskani ixtisoslashgan binoda faoliyat yuritib kelayotgan edi. Endi Nuroniylar maskani uchun ham shahrimizda yangi bino quriladi. Mazkur bino Tashabbusli byudjet loyihasi asosida jami 1 mlrd. 360 mln. so‘m mablag‘ evaziga barpo etiladi.
Shahar hokimi mas’ullarga qurilish ishlarini sifatli qilib, o‘z vaqtida bajarilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratish yuzasidan vazifalar belgilab berdi.