ZARAFSHON SHAHAR HOKIMI NAZIRBEK RAHMANOVNING BAYRAM TABRIGI
Hurmatli ofitserlar, askar va serjantlar!
Qadrli Qurolli kuchlarimiz xizmatchilari va faxriylari!
Aziz zarafshonliklar!
Avvalo, barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 33 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman.
Bugun barchamiz jonajon yurtimizning yana bir qutlug‘ ayyomi - "14 yanvar — Vatan himoyachi lari kuni" umumxalq bayramini ko‘tarinki ruh, bayramona kayfiyat va ezgu niyatlar bilan nishonlamoqdamiz.
Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, bugungi kunda Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida erishayotgan barcha yutuq va marralarimizda Qurolli Kuchlarimiz va ularning saflarida o‘z vazifasini sidqidildan ado etayotgan ming-minglab harbiylarimizning munosib hissalari bor.
Yurt farzandlari uchun Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilish — burch, Vatanni qo‘riqlash — sharaf, askarlik — barkamollik timsoliga aylanishi bilan birga, milliy armiyamiz yoshlarimiz uchun jismoniy toblanish, chiniqish, mahoratini oshirish va yuksak insoniy fazilatlarni mujassam etadigan, ular qalbida sadoqat, jasorat va matonat tuyg‘ularini mustahkamlovchi chinakam hayot maktabiga aylanib bormoqda.
Mamlakatimizda hurmatli Prezidentimiz rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan o‘zgardi.Bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari vatanimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylandi. Dunyoda yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda yurtimiz mustaqilligi va suverenitetini, uning hududiy yaxlitligini ta’minlash, eng qimmatli boyligimizdir. Bu borada yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bularning barchasini Zarafshon shahri yoshlari misolida ham ko‘rish mumkin. Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2024-yilgi chaqiruv mavsumida Zarafshon shahrida jami 34 nafar yigitlarimiz muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa Vazirligi tizimidagi harbiy qismlarga jo‘natildi. 505 nafar fuqarolarimiz bilan esa safarbarlik-chaqiruv rezervi xizmatiga shartnomalar tuzildi.
Shahrimizdagi o‘quvchi yoshlarni erkin fikrlaydigan, mustahkam bilimli, shijoatli o‘z xalqi va oilasining farovonligi va yanada rivojlanishi yo‘lida qat’iy pozisiyasiga ega vatanparvar yoshlarni tarbiyalash maqsadida, 255 nafar o‘quvchi yoshlarimiz “Vatan tayanchi” bolalar va o‘smirlar harbiy-vatanparvarlik harakati a’zoligiga qabul qilindi.
Shuningdek, Zarafshon shahridagi 1-sonli maktabda “Harbiy vatanparvarlik sinfi” tashkil etilib, o‘quv-tarbiya jarayoniga o‘qitishning zamonaviy ilg‘or uslub va shakllarini, yangi pedagogik va axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish hamda o‘quvchilarning o‘quv, psixologik va jismoniy yuklamalarini optimallashtirish orqali ta’lim-tarbiyaning samarali shakllari va usullaridan foydalanilmoqda.
Aziz do‘stlar!
Fursatdan foydalanib, Sizlarni yana bir bor qutlug‘ sana — Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Sizlarga mustahkam sog‘lik, baxt-u saodat va Vatanimiz tinchligi yo‘lidagi sharafli ishlaringizga omadlar tilayman.
Ushbu bayram xonadonlaringizga cheksiz quvonch, fayz-u baraka, farovonlik olib kelsin!
Yurtimiz tinch, hayotimiz farovon, jonajon O‘zbekistonimiz osmoni hamisha musaffo bo‘lsin!
Bayramingiz muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan Zarafshon shahar hokimi, Nazirbek Rahmanov
14-01-2025, 08:00
Вернуться назад