DataLife Engine / ZARAFSHON SHAHAR HOKIMI NAZIRBEK RAHMANOVNING 8-MART - XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI

ZARAFSHON SHAHAR HOKIMI NAZIRBEK RAHMANOVNING 8-MART - XALQARO XOTIN-QIZLAR KUNI MUNOSABATI BILAN BAYRAM TABRIGI


                                  


Munis va muhtarama onaxonlar, aziz opa-singillar!

Go‘zal diyorimizga bahor nafasi kirib kelayotgan mana shu nurafshon kunlarda sizlarni 8-mart – Xotin-qizlar kuni bayrami bilan chin dildan samimiy muborakbod etaman. Hayotimizning ko‘rki va fayzi, jamiyat va oilaning ustuni bo‘lgan xotin-qizlarimizni hurmat qilish azaldan yuksak qadriyat bo‘lib kelgan.

Zero, sizlar bilan hayotimiz mazmunli, xonadonlarimiz nurafshondir. 

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “Biz butun borlig‘imizni siz, qadrli opa-singillarimizdan ayri holda tasavvur eta olmaymiz. Sizlar biz uchun hamisha go‘zallik va nazokat, mehr va sadoqat, qanoat va shukronalik timsoli bo‘lib kelgansiz va doimo shunday bo‘lib qolasiz”, degan ilhombaxsh so‘zlari ayni haqiqatdir. 

Aziz opa-singillar!

Bugun ayol fermer, tadbirkor, o‘qituvchi, olima, shifokor va boshqa kasb egasi sifatida jamiyatimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shmoqdalar. 

Hozirgi vaqtda yurtimizda fidokorona mehnat qilayotgan hurmatli ayollarimizning ulushi tibbiyotda – 77 foizni, ta’lim sohasida – 74 foizni, iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarida esa 46 foizni tashkil etmoqda. 

Bugun Markaziy kon boshqarmasi, Zarafshon qurilish boshqarmasi, “NKMK Jamg‘armasi” hududiy boshqarmasi kabi yirik korxonalarda, maorif, tibbiyot va boshqa ko‘plab sohalarda minglab fidoyi ayollar mehnat qilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 33 foizi, Senat a’zolari hamda mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizi xotin-qizlar ekanini ta’kidlash lozim. Navoiy viloyatidan Senatga saylangan besh nafar Senat a’zolari orasida, aynan zarafshonlik, 9-umumta’lim maktabi direktori Aksavle Tumishovaning borligi ham barchamizga faxr bag‘ishlaydi.

Prezidentimiz amalga oshirayotgan oqilona siyosat tufayli bugun joylarda xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va hal etishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Zarafshon shahri misolida oladigan bo‘lsak, o‘tgan yilda 721 nafar xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1,063 mln so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Bundan tashqari, "Ayollar daftari"ga kiritilgan 1845 nafar ayolga moddiy yordam ajratildi. 36 nafariga subsidiya berildi.

Ayol ma’rifatli bo‘lsa oila, jamiyat ma’rifatli bo‘ladi. Ana shu ezgu tamoyilga amal qilgan holda o‘tgan yilning o‘zida 30 nafar xotin-qizga Zarafshon shahar Oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan oliy ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha imtiyozli tavsiyanomalar berildi.

2023-2024 yillarda ham xotin-qizlarimiz ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritishdi. O‘tgan yili Qatarda o‘tkazilgan yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida zarafshonlik sportchi qiz Nigora Suvonova o‘z vazn toifasida oltin medalni, dzyudo bo‘yicha respublika musobaqasida Oydinoy Komilova birinchi o‘rinni, o‘smirlar o‘rtasida o‘tkazilgan sportning taekvondo turi bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida E’zoza Odiljonova 2-o‘rinni egalladi. Zarafshon shahar 15-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi Kunel Masimova "Yilning eng yaxshi tarbiyachisi" ko‘rik-tanlovida faxrli birinchi o‘rinni, 13-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchisi Sarvara Qahhorova Fan olimpiadasining respublika bosqichida tarix fanidan faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bunday yutuqlarimiz ro‘yxatini uzoq davom ettirish mumkin. Zero, bugun har bir opa-singillarimiz xoh ishda bo‘lsin, xoh oilada bo‘lsin, o‘z mehnati, xizmati bilan shahrimiz sha’niga sha’n, iftixoriga iftixor qo‘shib kelmoqda.

Qadrli opa-singillar!

Barchangizni yana bir karra bugungi ayyom bilan samimiy tabriklayman. Har biringizning xonadoningizga iqbolingiz baland, umringiz uzoq, hayotingiz, rizqu-nasibangiz ziyoda bo‘lishini tilayman. Baxtimizga hamisha omon bo‘linglar!

Hurmat bilan, Nazirbek Rahmanov,

Zarafshon shahar hokimi

8-03-2025, 07:30
Вернуться назад