BAYROG‘IMIZ FAXRIMIZDIR
18-noyabr – O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan kun
Vatan – aziz va ulug‘ tushuncha. Vatanning har bir go‘shasi, tog‘u adirlari, cho‘lu daryosi, bog‘u dashtlari o‘zini va o‘zligini anglagan inson uchun qadrli hisoblanadi. Shu yurtda yurt koriga yarash, uning obro‘-e'tibori yuksalishiga o‘zini daxldor, deb bilish barchamizning muqaddas burchimiz hisoblanadi.
Ma’lumki, yaqinda davlatimiz suverenitetining ramzlaridan biri – mustaqil O‘zbekiston Respublikasining “Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinganligiga 33 yil to‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabrdagi navbatdan tashqari VII sessiyasida tasdiqlangan Davlat bayrog‘i – mamlakat davlat suverenitetining ramzi hisoblanib, u yer yuzining shu sarhadlarida mustaqil O‘zbekiston davlati borligini anglatadi va o‘zida milliy-madaniy an’analarimizni mujassamlashtiradi.
Agar tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak davlat ramzlari hamisha muqaddas va ulug‘ sanaladi. Chunki u xalqning o‘tmishini, buguni va kelajagini o‘zida mujassam etgan Vatanning yorqin timsolidir.
Bayroq atamasi eski turkiy atama bo‘lib, u bundan ming yillar avval ham ayna shu ma’noda qo‘llangan. Tilshunoslarning aytishicha, bu nom qadimgi turkchada baziraq, badiroq, batiroq tarzida ham qo‘llangan. Ya’ni bayroq biror el-ulus, qavmning erkinlik belgisi bo‘lib, u baland joylarga, hukmdorlar chodiriga o‘rnatib, sanchib qo‘yilgan. Uni tug‘, yalov, sanchoq (sanjoq) nomlari bilan ham ataganlar.
Bugungi kunda davlatimiz ramzlari kuchli tarbiya vositasi sifatida yoshlarimizning milliy g‘ururini yuksaltirishga, ularni Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Bayrog‘imiz O‘zbekiston delegasiyalarining xorijiy mamlakatlarga safarlari chog‘ida, davlatimizning chet ellardagi elchixonalari va xalqaro tashkilotlardagi vakolatxonalarida, xalqaro konferensiyalarda, jahon ko‘rgazmalarida, sport musobaqalarida, yurtimizdagi barcha rasmiy idoralarda ozod va obod Vatanimiz timsoli sifatida yuksaklarda parvoz qilmoqda.
Ayniqsa, har bir soha kabi sportchilarimiz Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida, qit'a hamda jahon chempionatlarida mamlakat sharafini munosib himoya qilib, hamisha barqaror bayrog‘imizni baland ko‘tarmoqda. Bu albatta barchamizni qalbimizga faxr va g‘urur tuyg‘ularini uyg‘otadi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, bizning bayrog‘imiz Vatanimizning, xalqimizning jahon sahnasida, dunyo ahli oldidagi o‘ziga xos ramzi, timsolidir. Uni asrab, muqaddasligini kelajak avlodga yetkazish bizning muqaddas burchimiz hisoblanadi,
Dilafruz Bahronova Respublika Ma’naviyat va ma'rifat markazi Zarafshon shahar bo‘linmasi rahbari